O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. “Biz O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini intiqlik bilan kutyapmiz va bu a’zolik unga ko‘proq savdo va investitsiyalar olib kelishiga ishonamiz”, — dedi Tailand vakili.
Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov mamlakat tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha Xitoy bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlaganini ma’lum qildi. “22 ta mamlakat bilan muzokaralar tugadi, ko‘p qolmadi”, — deb yozdi u. Avvalroq mamlakat AQSh bilan muzokaralarni yakunlagandi.
Yirik korxonalar uchun imtiyozlarni bekor qilish oqibatlarini yumshatish uchun O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lganda 2−3 yil oralig‘ida o‘tish davri oladi, dedi Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Mubin Mirzayev. U, shuningdek, JSTga a’zo bo‘lishning afzalliklarini qayd etdi.
O‘zbekiston JSTga kirish doirasida 18 davlat bilan muzokaralarni yakunladi, ulardan 14 tasi bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokollar imzoladi. 12-sentabr kuni Braziliya va Shri-Lanka bilan protokol imzolangan bo‘lsa, 13-sentabr kuni Argentina bilan muzokaralar yakunlandi.
O‘zbekistonning JSTga kirishi — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarning ajralmas bir qismi, dedi prezident. “Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi”, — dedi u ishbilarmonlar bilan uchrashuvda.
Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Ivealaga ko‘ra, hech bir mamlakat tashkilotga a’zolikni siyosiy irodasiz amalga oshira olmagan. “O‘zbekiston hukumatida kuchli siyosiy irodani ko‘ryapman”, — degan bosh direktor a’zolikka da’vogarlar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonga kelganini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev va JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala uchrashuvida O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish borasidagi amaliy ishlari muhokama qilindi. Tomonlar elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish, mamlakatda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazi tashkil etish masalalariga to‘xtaldi.
O‘zbekiston mamlakat qonunchiligini JST bitimlariga muvofiqlashtirishda davom etmoqda. Prezident qarori bilan eksportga beriladigan qator subsidiya va preferensiyalar, samarasi past soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinadi, yig‘imlar qayta ko‘rib chiqiladi va boshqa choralar ko‘riladi.
“O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha o‘z majburiyatlarida sobit, bunga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev. JSTning rasmiyga tayanib bildirishicha, O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni reja qilmoqda.
O‘zbekiston hukumati Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida 11 davlat bilan muzokaralarni yakunladi, ulardan 9 tasi bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokollarni imzoladi.
Senatorlar O‘zbekistondagi bir qancha qonunlarni Jahon savdo tashkilotining “Intellektual mulk huquqlarining savdo yo‘nalishlari bo‘yicha Bitim” talablariga uyg‘unlashtirish ko‘zda tutilgan qonunni ma’qulladi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish nazarda tutilgan qonun loyihasi kiritildi. Loyiha Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi va tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari bilan birgalikda takomiliga yetkazilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Nyu-Yorkda Jahon savdo tashkiloti bosh direktori bilan uchrashib, tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishlarni muhokama qildi. Unda ishchi guruh yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish va qonunchilikni JST talablariga uyg‘unlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
“Yaqin orada JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasidagi nutqida.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish uchun prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi joriy etilib, unga Aziz Urunov tayinlandi. 1-iyuldan bu tashkilotning qoidalariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting